Google va Samsung Gonkongda Android Ice Cream Sandwich amaliyot tizimi bazasida ishlaydigan Galaxy Nexus smartfoni taqdimotini o‘tkazdi. Galaxy Nexus ikki yadroli, 1,2 gigagers chastotali Cortex A9 protsessorida ishlaydi. Smartfonda 4,65-duymli Super AMOLED-displeyi (1280x720 pikselli) o‘rnatilgan. Shuningdek, ikkita kamera (5 va 1,3 megapikselli), bir gigabaytli operativ xotira va ma'lumotlar saqlash uchun 32 gigabaytlik joy mavjud. Galaxy Nexus shu yilning noyabr oyidan boshlab AQSh, Yevropa, Osiyo mamlakatlarida sotuvga chiqariladi.
Xitoy mamlakati Apple mahsulotlari kiritiladigan dunyodagi ikkinchi eng yirik bozoriga aylandi. Bu borada u faqat AQShdan ortda qolmoqda. Apple bosh direktori Tim Kukning ma'lum qilishicha, to‘rtinchi moliyaviy chorakda Applening Xitoydagi ulushi 4,5 milliard dollarni tashkil etgan (kompaniya umumiy savdosining 16 foizi). Xitoy ikkinchi o‘rinni Kanadadan tortib olgan.
Yahoo interet-kompaniyasining texnologiyalar bo‘yicha direktori Reymi Stata o‘z o‘rnini bo‘shatdi. U bu lavozimga 2010 yilning iyunida kelgan edi. Bunga qadar Reymi kompaniyaning dasturiy ta'minoti bo‘yicha bosh arxitektori hisoblanardi. Hozircha uning nima sababdan lavozimdan ketayotgani aniqlashtirilgani yo‘q. Bo‘shab qolgan o‘ringa Ash Manshi tayinlanishi kutilmoqda.
Chili kongressining barcha — 120 nafar deputati iPad planshetlari bilan ta'minlanadi. Chililik deputatlar ish samaradorligini oshirish maqsadida shu qarorga kelingan. Planshetlar yordamida ular qonunchilik jarayonida masofadan turib ham ishtirok etishlari mumkin bo‘ladi.
Endilikda teletomoshabinlar televizor oldida tizzalariga noutbuk qo‘yib o‘tirishlari shart emas. Ular televizorlaridagi Yandeks vidjetini bosishlari kifoya va ular shu onda ushbu qidiruv tizimi bosh sahifasiga o‘tadilar. "Internetga ulanish funksiyasiga ega televizorlar ko‘payib bormoqda. Bu Yandeks uchun ham xizmatlar shaklini kengaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir, — deydi Yandeks matbuot kotibi Ochir Mandjikov. — Hozirda ushbu xizmatdan shu kabi televizor egalarining 35 foizi foydalanishmoqda. Kelgusida foydalanuvchilar sonini turli servislarimiz ko‘magida oshirib boramiz".
Oksford universiteti (Buyuk Britaniya) xodimlari internetga mobil qurilmalar orqali ulanuvchilar sonini hisob-kitob qilib ko‘rishdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, britaniyalik internet foydalanuvchilarning 44 foizi planshet, smartfon va bukriderlardan foydalanadi. 2009 yili bu ko‘rsatkich 32 foizga teng bo‘lgan.
Kazaa tarmog‘i va Skype internet-telefoniya tizimi yaratuvchilaridan biri Yanus Friis yangi - Vdio videoresursga asos soldi. Ma'lum bo‘lishicha, ushbu xizmat orqali eng yaxshi televizion ko‘rsatuvlar va kinofilmlarni ko‘rish imkoni bo‘ladi. Vdio hozircha yopiq beta-test tartibida ishlamoqda.