Mamlakatimiz
avtomobilsozlari
Vatanimiz davlat mustaqilligining 20 yilligiga munosib sovg‘a hozirladilar.
Toshkentdagi Turin politexnika
universitetida 6 sentabr kuni "GM Uzbekistan” qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan, yangilangan "Chevrolet Captiva” avtomobilining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda
"O‘zavtosanoat”
aksiyadorlik
kompaniyasi tarkibiga kiruvchi korxonalar, "General Motors” kompaniyasi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Marosimda
Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida
yurtimizda
avtomobilsozlik
sanoatiga asos solinishi xalqimizning
mustaqillik yillarida erishgan eng katta yutuqlaridan biri bo‘lgani alohida ta’kidlandi. Bugungi kunda yurtimizda avtomobilsozlik
iqtisodiyotning jadal rivojlanayotgan
sohalaridan biriga aylandi. "O‘zavtosanoat”
aksiyadorlik
kompaniyasi tarkibida qariyb 40 kompaniya, shu jumladan Janubiy Koreya, Turkiya, Italiya, Germaniya,
Gollandiya, AQSH kabi
davlatlar kapitali va texnologiyasi
ishtirokidagi korxonalar faoliyat yuritmoqda. Avtomobilsozlarimiz
faoliyati asosan yengil avtomobillar,
avtobuslar, yuk avtomobillari va butlovchi qismlar ishlab chiqarishga qaratilgan. Soha korxonalarida 16 mingdan ziyod kishi mehnat qilmoqda. Asaka avtomobil zavodida zamonaviy standartlarga javob beradigan, qulay, xavfsiz, ishonchli va tejamkor yengil avtomobillar ishlab chiqarilmoqda.
Korxonada dastlab "Damas”, "Tico”, "Nexia” avtomobillari ishlab chiqarilgan bo‘lsa,
keyinchalik "Matiz”, "Epica”, "Captiva”, "Lacetti”
avtomobillarini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. 2010 yilning avgust oyida "Spark” avtomobili jamoatchilik e’tiboriga havola etildi. O‘zbekiston
avtomobillari nafaqat yurtimiz, balki xorij bozorlaridan ham munosib o‘rin egallab, boshqa mamlakatlarda xaridorlar ishonchini qozonmoqda.
Avtomobilsozlarimiz
iste’molchilarning talab va takliflarini inobatga olib, yangilangan "Chevrolet Captiva” avtomobilini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi. Ushbu yangi rusum o‘ziga xos dizayni, yuksak darajadagi uskunalardan
foydalanilgani, yangi dvigatel va uzatmalari bilan ajralib turadi. Avtomobilning old tomoni ko‘rinishi ham o‘zgargan – "Chevrolet Captiva” yangi asosiy yoritgichlar turkumiga ega bo‘ldi, bamperi va unda uyg‘unlashgan tumanga qarshi chiroqlarining shakli o‘zgartirilgan.
Avtomobil ichki va tashqi ko‘rinishi hamohang bo‘lishi uchun eng kichik detallarga qadar e’tibor qaratilgan. Haydovchi va yo‘lovchilar qulay va bemalol joylashishi uchun yangi "Captiva”ning saloni keng va shinam ishlangan. Orqa tomondagi ikkinchi va uchinchi qator o‘rindiqlarni yig‘ish imkoniyati yaratilgani tufayli yetti kishini sig‘dira oladigan "Captiva” yuk tashiy oladigan ulovga aylanishi ham mumkin. Avtomobilda
parktronik, CD/MP3- pleyer, Bluetooth, sensor ekranli navigator, avariya stop- signali mavjud, boshqaruv
chambaragiga harorat nazorati pulti o‘rnatilgan. Passiv xavfsizlik tizimi tarkibida oltita xavfsizlik yostiqchasi mavjudligi haydovchi va
salonning barcha qismidagi yo‘lovchilar xavfsizligini
ta’minlashga xizmat qiladi. "Captiva”ning oldingi modeliga 5 bosqichli avtomat uzatma va 3,2 litr hajmdagi 230 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan bo‘lsa, yangilangan rusum 6 bosqichli avtomat uzatma, 3 litr hajmli 258 ot kuchi quvvatiga ega dvigatel bilan jihozlangan. Yangi avtomat uzatmalari avtomobilning texnik tasnifi va tejamkorligini yanada oshirish imkonini beradi. Joriy yilning sentabr oyidan boshlab sotuvga qo‘yiladigan "Chevrolet Captiva”
yurtdoshlarimizning
yana bir sevimli avtomobiliga
aylanishiga shubha yo‘q. Taqdimot marosimida O‘zbekiston
Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari U.Rozuqulov ishtirok etdi.