Halqimizning ma’naviy
va madaniy merosi
shunday boy ummonki,
unga qancha chuqur
sho‘ng‘iganing sayin
yanada noyob javohirlarga duch
kelaverasan. Buyuk
bobokalonlarimiz dunyo
tamadduniga nafaqat
o‘zining ilmiy salohiyati
bilan, balki yuksak insoniy odob-axloqi,
madaniyati bilan ham
katta hissa qo‘shganlar. Tabiat va jamiyat bir-
biridan ajralmasdir.
Shuni chuqur anglagan
ajdodlarimiz tabiatga
ehtiyotkorlik bilan
munosabatda bo‘lgan. Buni yetti sohani,
jumladan, sigir
(chorvachilik), asalari
(asalarichilik), ipak qurti
(ipakchilik), objuvoz
(yog‘-moy ishlab chiqarish), tegirmon
(novvoychilik), o‘rmon
(duradgorlik), tovuqni
(parrandachilik) bir-biri
bilan hamohang tarzda
boshqara olgan dono, ishbilarmon
kishilarnigina boy, bek
deb ataganlari misolida
ham yaqqol ko‘rishimiz
mumkin. Chunki,
mazkur sohalar bir- birini to‘ldirishi bilan
birga tabiatni tozalab
borish xususiyatiga
ham ega. Masalan, sigirni
(chorvachilik) olaylik.
Ota-bobolarimiz sigirga
ro‘zg‘orning qassobi va
baqqoli, deya ta’rif
berishgan. Ma’lumki, ajdodlarimiz azaldan
asosan chorvachilik
bilan shug‘ullanib
kelgan. Dasturxonimiz
ham asosan chorvadan
olinadigan go‘sht va sut mahsulotlari bilan
bezaladi. O’rta asrlarda
Turonzaminga qadam
qo‘ygan Yevropa
sayyohlarining
yozishicha, turkiy qavm jangchilari o‘rta bo‘y,
bilaklari durkun, zarbi
o‘ta kuchli bo‘lib, asosan
go‘sht mahsulotlari
iste’mol qilgan. Asalarini (asalarichilik)
dono xalqimiz oilaning
tabibi deyishgani bejiz
emas. Ma’lumotlarga
qaraganda, ming
dardga da’vo bir kilogramm asalni yig‘ish
uchun asalari 2
millionta guldan nektar
olar ekan.
Mamlakatimizda fasllar
almashinuvi keskin kuzatilishi tufayli
kishilarda shamollash
bilan bog‘liq har xil
kasalliklar tez-tez
uchrab turadi. Shunday
hollarda asalning o‘rni bo‘lakchadir. Ipak qurti (ipakchilik) —
qizlarning sepi. Ipak
qurti hozirgi davrda
to‘qimachilik sanoatida
keng qo‘llanilib
kelinmoqda. Shu o‘rinda asrlar davomida to‘qilib
kelinayotgan milliy
madaniyatimizning bir
qismiga aylangan
Marg‘ilon atlaslari
haqida to‘xtalmasak bo‘lmaydi. Bugungi
kunda kamalak kabi
tovlanib turadigan atlas
va adras matolarimiz
yangicha qiyofada
xalqaro maydonga yanada keng
chiqmoqda. Chunki, ipak
Yevropada shoxona
mato hisoblanib,
Londonda birgina
«Thomas Pink» brend markasida bitta ipakdan
to‘qilgan mavsumiy
ko‘ylak 170 funt, «Marks
& Spenser» do‘konida
120 funt bahoda
sotiladi. Shunday ekan, fikrimcha, milliy atlas va
adras matolarimizni
ham xalqaro bozorda
brend darajasiga
ko‘tarish dolzarb
vazifalarimizdan biriga aylanishi zarur. Objuvoz (yog‘-moy
ishlab chiqarish) —
qozonimizning
qaynashi uchun beqiyos
ne’matlardan. Qadim
zamonlardan zig‘ir, kunjut yog‘ining
shifobaxshligi haqida
ko‘p va xo‘p gapirilgan.
Ayniqsa, dunyoga
mashhur palovimizni
yog‘siz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bugungi
kunda dunyodagi
istalgan mehmonxona
yoki restoranning
taomnomasida milliy
taomlarimiz nomini uchratish oddiy holga
aylanib bormoqda. Tegirmon nonini
xalqimiz qadimdan
iste’mol qilib kelgan,
aziz deb bilgan.
Xalqimiz uyiga mehmon
kelsa, dasturxon yozib, avvalo, non qo‘yadi.
O’g‘il Vatan xizmatiga
otlanganda safar
oldidan nondek butun
bo‘lgin, deya non
tishlatadi. Yerga tushgan bir burda nonni
ham ko‘ziga surib, olib
qo‘yishdek o‘gitlar
avloddan-avlodga
uqtirib kelinadi.
Mamlakatimizda joriy yilda 7 million tonna
g‘alla xirmoni bunyod
etildi. G’alla ahamiyati
jihatidan eng qadrli
boyliklarimizdandir. Bu
bilan har qancha faxr lansak arziydi.
Bozorlarimizda non va
non mahsulotlarining
turini ko‘rib, kishi aqli
shoshadi. Samarqand
nonlari mo‘‘jizaning o‘zginasidir. Xalqimiz hayotida
o‘rmonning
(duradgorlik) ham
ahamiyati juda katta.
Zero, daraxtni
imoratning suyagi, deb bejizga atashmaydi.
Daraxt atmosferani
tozalashga xizmat
qiladigan muhim
manbalardan sanaladi.
Shunday ekan, undan oqilona foydalanish
insoniylik
burchlarimizdan biridir. Elimizda ajoyib an’ana
bor, farzand tug‘ilsa,
yaxshi niyatlar ila
unga atab daraxt
ko‘chati ekishadi.
Buning zamirida chuqur ma’no-
mazmun mujassam.
Shuningdek, xalqimiz
azaldan yog‘ochga
ishlov berish orqali
unga zeb bag‘ishlab kelgan. Undan
qurilishda, eshik va
romlar, ustunlar
yasashda
foydalanilgan.
Qadimiy shaharlarimizda asrlar
osha bizgacha yetib
kelgan naqshinkor
ustunlar, yog‘och
o‘ymakorligining
noyob namunalarini ko‘rib ajdodlarimiz
mahoratiga yana bir
bor qoyil qolasan
kishi. Hozirgi kunda butun
mamlakatimizda keng
miqyosda bunyodkorlik,
qurilish ishlari amalga
oshirilmoqda. Bunda
qadimiy san’at ustalari – duradgorlar
xizmatidan ham keng
foydalanilmoqda. O’zida
azaliy qurilish
madaniyatini mujassam
etgan zamonaviy bino va inshootlarimizning
eshik-romlari, gumbazu
ustunlarini, san’at
asariga tenglashtirsak,
mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu nuqtai-nazardan daraxtlarni
(duradgorlik) bebaho
xazinalarimizdan deyish
mumkin. Tovuq (parrandachilik)
— ham obiyovg‘on,
ham dori-darmon.
Rivoyatlarda
aytilishicha, har kuni
tong sahar yer bo‘ylab ikkita farishta rizq
sochib chiqar ekan.
Xo‘roz esa odamlar
rizqdan benasib
qolmasin deb erta
uyg‘otishga chog‘lanar emish. Mana shunday
ezgu niyatli parrandani
bobolarimiz yetti
xazina qatoriga
kiritgani bejiz emas. U
nafaqat shifobaxsh go‘shti va tuxumi bilan,
balki hovlimizni turli xil
zararli hashoratlardan
tozalab turishi bilan
ham ahamiyatlidir. Yuqorida tilga olingan
yetti jihat shunisi bilan
qiziqki, ular bir-biri
bilan bevosita va
bilvosita bog‘liqdir.
Sigirning «o‘g‘iti» dalaga sepiladi, daladan
olingan bug‘doyning
donu somoni, kepagi
tovuqqa, ham sigirga
yemish. Yoki asalari
o‘simliklardan bol yig‘ish bilan birga uni
changlatishga ham
xizmat qiladi. Albatta,
bularning barchasini bir
butun uyg‘unlikda bosh
qarish uchun kishidan katta iroda va aql-
zakovat talab etiladi.
Xalqimiz tarixida ana
shunday tuganmas
boylikka ega bo‘lishiga
qaramay, hokisor hayot kechirgan
saxovatpesha, dono
insonlar ko‘p bo‘lgan.
Arab sayyohi Ibn Batuta
«Safarnoma» kitobida
shunday yozadi: «Men dunyoni kezib, bunday
odamlardan (ya’ni
javonmardlar) ko‘ra
ezgu niyatli va ezgu
xulqli kishilarni
ko‘rmadim. Sheroz va Isfaxon aholisi garchi
o‘zlarini
javonmardlarga
o‘xshatsalar-da, ammo
Xorazm va
Movarounnahr javonmardlari g‘arib-
musofirlarni siylash va
mehmondorchilikda
ulardan baland turadi.
Ularni Iroqda shotir,
Xurosonda sarbador, Mag‘ribda sukra
deydilar. Ularga tobe
joylarda adolat rasmi
shunday rivojlanganki,
ularning lashkargohlari,
uylari ostonasida oltin va kumush tangalar
yerga sochilib yotadi va
egasi topilmaguncha
hech kim bu pullarga
tegmaydi». Hoja Ahror Valiy siymosi
mana shunday buyuk
shaxslardan biri bo‘lib,
uning ko‘plab yeru
mulklari bo‘lsa-da,
ammo o‘zini faqir hisoblagan. Chunki, u
barcha boyligini
boshqalarning
manfaatlari va ehtiyoji
yo‘lida sarflagan. Shahar
aholisi qashshoqlikdan yillik soliqni (250 ming
dinor) to‘lolmadi.
Shunda Hoja Ahror Valiy
bu mablag‘ni to‘lab,
shahar aholisini
tashvishdan xalos etishdan tashqari, yana
toshkentliklarga 70
ming dinor tuhfa etdi —
xalq qishdan eson-
omon chiqsin, deb. Hoja
Ahror Valiy qurdirgan madrasa va
xonaqohlarning soni
yigirmadan ortiq,
vaqfnoma daftaridagi
mol-mulklarning soni
254 tani tashkil etadi. Xulosa o‘rnida shuni
ta’kidlash joizki, buyuk
ajdodlarimiz orasida
ham ma’nan, ham
moddiy jihatdan boy
insonlar ko‘p bo‘lgan. Binobarin, mo‘‘tabar
kitoblarda naql
qilinganidek, dunyo
shunday zotlar tufayli
barqaror va
osoyishtadir. Zero, saxovatpeshalik ham
yetti xazinaga tatiydi.